UMUMIY MA`LUMOTLAR


Tarixi

Andijon viloyati O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. Farg’ona vodiysining sharqiy qismida joylashgan.

Arxeologik topilmalarning guvohlik berishicha, Andijonda inson faoliyatining dastlabki izlari paleolit, neolit, bronza davrlariga, taraqqiyotining ikkinchi bosqichi esa eramizdan avvalgi birinchi ming yillikning boshlanishiga to’g’ri keladi.

Andijon nomining kelib chiqishi haqida turli xil afsona va rivoyatlar mavjud. Ayrim manbaalarda “andi”, “adoq”, “azoq” kabi urug’ atamalari bilan bog’liqligi ko’rsatilgan. Bir vaqtlar bu yerda andilar (hindlar) yashagan va “Andukon” deb atalgan, degan rivoyat ham bor.

Arab xalifaligi davrida ham Andukon deyilgan. Andijon ilk bor yozma manbaalarda X asr arab sayyohlari Ibn Xavqal va Muqaddasiy asarlarida Andukon shaklida qayd etilgan.

Tarixchi Hamidulloh Kazviyning yozishicha, XIV asr boshlaridan Andijon mo’g’ul xonlari tomonidan Farg’ona mulkining poytaxti qilib belgilanadi va uning qal’a devorlari tiklanadi. Andijon atrofidagi qishloqlar ko’chmanchilarning o’rtoqlashuvi natijasida ko’payib boradi.

1370 yili Movarounnahrda mo’g’ullar hukmronligiga qarshi ulug’ sohibqiron Amir Temur so’nggi g’alabani qo’lga kiritadi. Mo’g’ullar xoni Husayinxonni mag’lubiyatga uchratib, poytaxt Samarqandni egallaydi. Biroq so’nggi mo’g’ul xonlaridan Qamariddin Tyan-SHan tog’idan Farg’ona vodiysiga tez-tez xujum qilib turadi. 1376-1377 yillari Amir Temur qo’shinlari bilan Farg’ona vodiysiga ilk bor kelib, Qamariddin qo’shinlarini Otbosh tomonga quvib soladi. Sohibqiron Andijonda bo’ladi, Poytug’ tomonda 1376 yil qishini o’tkazib, so’ng Otboshga, undan O’zganga, keyin Andijon orqali Xo’jandga ketadi.

Ulug’bek davrida Muhammad Tobon Andijon hokimi etib tayinlangan.

XV asrning o’rtalari, xususan, Bobur davriga kelib, Andijon atroflari ancha o’zlashtirildi, iqtisodiy jihatdan yuksalish boshlangan. Boburning yozishicha, Andijon atrofida ekinzor yerlar, mevali bog’lar nihoyatda serob bo’lgan. Umuman olganda, ko’chmanchi o’zbeklarning o’rtoqlashuvi XVI asrdan boshlanib to XIX asrgacha ham davom etgan.

Andijon tarixi bilan bog’liq yana bir muhim manbaa –bu Andijonda zarb qilingan tanga-chaqalardir. Dastlabki tanga-chaqa 358-359 hijriy, 968-970 milodiy yillari Andijonda zarb qilingan, deyiladi. Biroq bunga ayrim tangashunoslar shubha bildiradilar. Bir oz keyingi davrga oid, ya’ni XIII asrning oxirlarida chiqarilgan kumush tangalar Andijon, Marg’ilon, O’sh va Xo’jandda zarb etilgan va ular keng muomalada bo’lgan. Bu guruh tangalar “CHig’atoylar puli” deb yuritiladi.

XIX asrda Andijonda qurilib, 1902 yil 3 dekabrda kuchli zilzilada buzilib, qulab ketgan va asr boshlarida qayta tiklangan binolardan Devonbegi yoki Devonoboy masjidi (1862-1865 yillarda qurilgan), Uyg’ur masjidi (1868-1870 yil­lar), Jome’ madrasasi (1882-1892 yillar) saqlanib qolgan. Ular endilikda ta’mirlanib xalqqa qaytarib berildi va ulardan andijonliklar samarali foydalanmoqdalar.

1902 yilgi zilziladan so’ng Andijonda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish borasida katta bunyodkorlik ishlari boshlanib ketadi. Zilziladan zarar ko’rganlarga, Andijonni qayta tiklash uchun yordam jamg’armasi tashkil etiladi. Imperiyaning turli burchaklaridan andijonliklarga yordam mablag’lari yuborilgan. Rus yozuvchisi A.P.CHexovning 1903 yil iyunida doktor Kniperga yozgan maktubida Moskva shahrida zilziladan zarar ko’rganlar uchun teatrlarda maxsus spektakllar qo’yilib, undan tushgan mablag’ Andijonga jo’natilganini qayd etgan. Kavkazorti, Sibir va Uzoq SHarq mintaqalaridan ham an­dijonliklar uchun yordam mablag’lari kelib turgan.

Andijonliklarning o’zlari ham chuqur vatanparvarlik tuyg’usi bilan shaharni qaytadan qurishda jonbozlik ko’rsatganlar, zilzila ofatini bartaraf qilib, shahar­ni qayta tiklashga astoydil harakat qilganlar.

1902 yilgi mudhish zilziladan keyin shaharda qad ko’targan va saqlanib qolgan binolar anchaginadir.

Andijon Turkiston general-gubernatorligiga tobe’ bo’lgan yangi Farg’ona viloyatining uezd shahri bo’lib qoldi. Uezd shahar atrofida (prigorod) Izboskan, Sultonobod, Jalolobod, Bozorqo’rg’on kabi uchastkalar mavjud edi.

1917 yilning oktyabr oyida Rusiya markazida “Ulug’ Oktyabr sotsialistik inqilobi” deb tarixga yozilgan davlat to’ntarilishi yuz berdi.

O’lkada Sovetlar hokimiyati o’rnatilgandan keyin Andijonda 1918 yilda 13 ta o’zbek tilida, 7 ta rus tilida dars beruvchi maktab, 2 ta musiqa maktabi, 2 ta bolalar bog’chasi, 2 ta bolalar uyi tashkil etildi.

1927 yilda Andijon uezdi o’rniga Andijon okrugi tashkil topdi.

1928 yilda Andijon okrugida 214 ta kolxoz tashkil etildi.

Sobiq Ittifoqning barcha Respublika viloyatlari qatori Andijonda ham kollektivlashtirish boshlandi. 1932 yilda 83 foiz dehqonlar kollektiv jamoalariga birlashtirildi.

Andijonning Oktyabr inqilobidan keyingi butun tarixi, andijonliklarning mehnatdagi jasoratlari tufayli amalga oshirildi.

Andijon viloyati 1941 yil 6 martda tashkil etilgan.


 Geografiyasi va iqlimi

Andijon viloyati shimoliy-sharqdan va Janubdan Qirg’iziston Respublikasi bilan, g’arbdan Farg’ona viloyati va shimoliy-g’arbdan Namangan viloyati bilai chegaradosh.
Viloyatning iqlimi keskin kontinental, quruq. Tog’ tizmalari Farg’ona vodiysiga sovuqhavoning kirib kelishini to’sib turganligi bois, qishda ob-havo bir muncha mo’’tadil. Yozi issiq, iyulning o’rtacha harorati 27.3 °S, qishi nisbatan sovuq, yanvarning o’rtacha harorati -3 °S. Vegetatsiya davri 217 kun, yillik o’rtacha yog’in miqdori 200-250 mm. nitashkil etadi.
Tuproqlari bo’z, qo’ng’ir, o’tloqi, botqoq tuproqlar, qumtosh, mergel chaqirtoshlardan iborat bo’lib, ekin ekilmaydigan tekisliklar qismida turli o’simliklar, tog’ yon bag’irlarida pista, bodom o’sadi. Yovvoyi hayvonlar (bo’ri, tulki, qobon va boshqalar) kam uchraydi, sudraluvchilar, kemiruvchilar, qushlar, suv xavzalarida baliqlar bor.
Viloyat markazi Andijon shahri — Farg’ona vodiysining eng katta, O’zbekiston Reepublikasnning esa, Toshkent, Samarqanddan keyingi uchinchi shahri hisoblanadi. Shahar dengiz satxidan 450 metr balandlikda, Andijonsoy qirg’oklari bo’ylab joylashgan.


 Tabiat resurslari

Andijon viloyati O’zbekistonning boshqa viloyatlariga nisbatan suv resurslariga boyligi, ya’ni daryolardan, tog’lardash ko’p yillik qor va muzliklardan suv olib turishi bilan ajralib turadi. Asosiy daryosi — Qoradaryo(Sirdaryo irmoklaridan biri) bo’lib, uning irmoqlari — Maylisuv, Oqbo’ri, Aravonsoy va boshqalar. Ushbu daryo bo’yidan olinadigan shag’al va qumlar viloyatda olib borilayotgan qurilish ishlarida keng foydalanilmokda.
Viloyatda qishloq xo’jaligida o’zlashtirilmagan 3 ming gektar bo’z erlar, 21,5 ming gektar yaylovlar va 1,5 ming gektar meliorativ xolatidagi qurilish erlar jami 26 ming gektar erlar, adirliklar va yaylovlar mavjud. Kelajakda ushbu erlarga ishlov berilib, adirliklarga suv chiqarish uchun nasos stantsiyalari o’rnatilishi va bog’lar barpo qilinishi qishloq xo’jalngi sohasini sezilarli darajada rivojlanishiga omnl bo’ladi.


Mineral resurslari

Neft va gaz viloyat mineral xom-ashyo manbalarinnng asosiy qismini tashkil qiladi. Hozirgi kunda “Andijon”, “Jaiubiy Olamushuk”, “Polvotosh”, “Xo’jaobod” kabi 8 ta neft va neft-gaz konlari ishlamoqda.
Bundan tashqari, viloyatda g’isht, ohak va boshqa qurilish maxsulotlari ishlab chiqarish uchun etarli xom-ashyo zaxirasi mavjud. Viloyatda 40 ta ohak va 36 tadan ortik g’isht ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ushbu korxonalarning to’la quvvatda ishlashiga erishish orqali viloyatimizning g’isht va ohakka bo’lgan talabi to’lik qondiriladi.


Ma’muriy-hududiy tuzilshi

Viloyatda 3 ta viloyatga va 8 ta tumanlarga bo’ysunuvchi shaharlar, 14 ta tumanlar, 5 ta shaharcha, 95 ta qishloq fuqarolar yig’inlari, 536 ta aholi yashash punktlari mavjud. Andijon viloyati tabiat, mineral, madaniyat va boshqa resurqlarga boyligi bilan ham boshqa  viloyatlardan ajralib turadi.  Ushbu resurqlardan foydalanish natijasida   viloyat   iqgisodiyotining   barqaror   rivojlanishiga erishilmoqda.


Viloyat haritasi

map