BOBURIYLAR SHAJARASI

Boburiylar sulolasi – Bobur Mirzo asos solgan sulola. Temuriylar sulolasining bevosita davomi.  Sulolaning boshlanishi sifatida Bobur Farg’ona taxtiga o’tirgan (1494), yo Qobulda hokimyatni qo’lga olgan (1504), yoki Bobur nomiga Hindiston podshohi sifatida xutba o’qilgan (1526 ) sana qaralishi mumkin.  Sulola rasman uning so’nggi vakili Bahodirshoh II taxtdan inglizlar tomonidan mahrum etilgan 1858 yilgacha davom etgan. Boburiylar hukm surgan 300 yildan ortiq davr mobaynida sulola tarixida buyuk ko’tarilish va inqiroz davrlari bo’lgan. Xindiston taxtiga  o’tirgan Boburiylar  sulolasining vakillari :

HUMOYUN NOSIRIDDIN MUHAMMAD  (1508-1556)

Bobur mirzoning to’ng’ich o’g’li.  Boburiylar minatyura maktabi tashkilotchisi. 12 yoshida  Badaxshon hokimi etib tayinlangan. 18 yoshidan otasining Hindistonga qilgan harbiy yurishlarida  faol ishtirok etgan. 1527 yili  Qobul va Badaxshonni idora qilish uchun ruxsat berilgan. Humoyun Badaxshondan turib Samarqand taxtini egallashga xarakat qilgan.  Humoyun Badaxshonda Hindol Mirzoni qoldirib o’zi yana Bobur saroyiga qaytgan. Bobur vafotidan uch kun oldin barcha oila a’zolari  va yirik amaldorlarni yig’ib, Humoyunni podshoh deb e’lon qilgan.

Humoyun poytaxtni Dehliga ko’chirib, “Dini panoh” nomli saroy qurdiradi. Davlatni boshqarish tizimini ishlab chiqadi. Avvaliga Gujarotni zabt etib, ukasi  Askariyni u yerga hokim etib tayinlaydi. So’ngra Chunorda  bosh ko’targan Sherxon Surni taslim qiladi. 1540 yili Surxon Sur Humoyundan Dehli taxtini tortib oladi.

Uzoq sarsongarchilikdan so’ng, Humoyun Tahmasp Safaviy yordamida Qandahor, G’azna, Qobul va Badaxshonni  qayta  egallaydi  va 1555 yili  otameros Hindiston taxtini qaytarib olish uchun Dehli tomon yurish qiladi. Sarkarda sifatida katta tajriba  to’plagan Xumoyun barcha raqiblarni mag’lub etib, yana taxtga o’tiradi. O’sha yili u to’ng’ich o’g’li Akbarni Panjob viloyati xokimi etib tayinlaydi hamda taxt vorisi deb e’lon qiladi.

1556 yil saroy kutubxonasi pillapoyasidan  yiqilganda   boshi bilan marmar zinaga  urilgan  Humoyun  hushidan ketib, ikki kundan so’ng vafot etadi.  Humoyun Movarounnahr va Xurosondan juda ko’plab fozil, ulamo, shoir va musavvirlarni Hindistonga taklif etgan. Boburiylar saroyida yashab ijod etgan ilm ahli Hindiston xalqlarining tili, adabiyoti, san’ati va madaniyatiga katta ta’sir ko’rsatgan. Humoyun o’zbek va fors tillarida ijod qilgan. Sodiq  Kitobdorning “Majma’ul-havos”  asarida  berilgan ma’lumotga ko’ra, Humoyun otasidek saxovatpesha, boy  kutubxona  tashkil etgan ma’rifatli hukmdor bo’lgan.

JALOLIDDIN  MUHAMMAD AKBARSHOH (1542-1605)

Tarixda “Buyuk Akbar” nomi bilan mashhur bo’lgan Jaloliddin  Muhammad Akbarshoh davrida  musulmon va  mahalliy xind bolalari  bir xil umumta’lim maktablarida o’qib, barcha fanlardan  bir xil darsliklardan foydalanishini  joriy etgan.  U etnik va diniy  guruhlarni murosaga keltirib tinchlik va osoyishtalikni ta’minlagan,  Erondan Birmagacha, Himolay va Hindukush tizmalaridan  Godavari daryosi qirg’oqlarigacha yastanib yotgan ulkan imperiyani boshqarishning samarali tizimini ishlab chiqish  va amalga tatbiq etish,  moliya sohasidagi islohotlar, boshqaruv idoralari  ish faoliyatini  yagona  talablar asosida nazorat qilgan  beqiyos aql-zakovat va kuchli iroda sohibi, hamma uchun sevimli shoh bo’lgan shaxsdir. Akbarshoh 50 yillik (1556-1605) hukmdorlik davrida otasidan qolgan kichik bir mamlakatni ulkan saltanatga aylantirdi.  Boburiylar davlati  shimolda Balxdan tortib janubda Godovari daryosigacha, g’arbda Arab dengizidan sharqda Bengaliya  qo’ltig’igacha bo’lgan hududni  qamragan.

Uzoq yillar mobaynida dushmanlik munosabatlarida bo’lgan etnik va diniy guruhlarni murosaga keltirish, yurtda  tinchlik va osoyishtalikni  ta’minlash  davlat rahbaridan juda katta noyob qobiliyatni talab qilar edi. Akbarshoh aynan shunday qobiliyat egasi bo’lgan buyuk davlat arbobi va lashkarboshidir. Uning hukmronligi davrida voyaga yetmagan bolalarni uylantirish va turmushga berish man etildi. Er vafot etsa xotinini uning jasadi bilan birga qo’shib olovda  kuydirilishigi chek qo’yildi, beva ayollarning qayta turmush qurishlariga ruxsat etildi. U boshqargan davlatda har bir fuqaro uning g’amho’rligini sezib turardi. Akbar Agra hamda Fotihpur, Sekri, Lohur, Dehli va boshqa shaharlarda  saroylar, me’moriy inshootlar va bog’lar yaratgan, ilm-fan, san’at va dehqonchilikni rivojlantirgan, asosiy yo’llarni ta’mirlash va xavfsizligini ta’minlash, karvonsaroylar qurish, dengiz yo’li orqali  Yevropa mamlakatlari bilan savdo-sotiq ishlarini olib borish, xajga borishni qulaylashtirish  kabi tadbirlarni amalga oshirgan. Bobur va Humoyun kabi Amir Temur maqbarasini  ta’mirlash uchun Akbar bir filga yuklangan tilla yuborgan. Abdurrahim Xonixononga “Boburnoma” asarining fors tiliga mukammal  tarjimasini yaratishni topshirgan.  Bu  tarjimani miniatyuralar  bilan bezatib, ko’p nusxada tarqatgan.

 JAHONGIRSHOH (1569-1627)

Akbarshohning o’g’li bo’lmish Jahongir (Nuriddin Muhammad Jahongir Podshoh, shahzoda Salim) Boburiylar sulolasidan to’rtinchi podshoh. Onasi–rajput malikasi Maryamuz-Zamoni Begim (Hira Kunvari). Uning xukmronligi davrida Mevar (1615),  Kangri Kishtvar, Ahmadnagar (1620), Bijopur va Golkonda (1621) Boburiylar davlatiga qo’shib olingan. Tasviriy san’at, miniatyura va adabiyot rivoj topgan, Akbar maqbarasi qurilgan. Davlatni idora qilish dasturini joriy etgan. Movorounnahr bilan diplomatik  munosabatlarni rivojlantirgan.

Jahongirshoh she’rlar ham yozgan. “Jahongirnoma” nomli tarixiy asar muallifi.

U mamlakat hududida musallas va giyohvand moddalar tayyorlash va ular bilan savdo qilishni ta’qiqladi. Ma’muriy mansabdor shaxslarning o’zboshimchalik bilan uy-joy va ekin ekiladigan  maydonlarni egallab olishlari va  qo’l ostidagi qizlarni xotinlikka olishlariga chek qo’ydi. Jinoiy javobgarlikda ayblanganlarning quloq va burunlarini kesib jazolash chorasi  bekor qilindi. Dehqonlarga ortiqcha soliqlar solish, mahalliy  hokimlarga  savdogarlarning mollarini taftish qilish,  tug’ilgan qizchalarni o’ldirish (Rojastan), soliq hisobiga bolalarni tortib olish (Bengaliya) va boshqalar man etilgan. U dinga nisbatan xolisona siyosat olib borib,  hech kimning diniy e’tiqodini kamsitilishiga yo’l qo’ymagan.  Jahongirshoh mamlakatda tasviriy san’atning rivojlanishi va keng  miqyosda yoyilishiga katta hissa qo’shgan. Bog’dorchilik sohasiga ham katta e’tibor bergan. Hindistonga  o’n-o’n besh xil  mevali va manzarali daraxtlarni olib kelib, payvandlab  yetishtirishga buyruq bergan.  Hususan Kashmirda o’stirilgan olcha daraxti ham shular jumlasidandir. Jahongirshoh 1607 yili Qobulga kelib bobokaloni Bobur qabrini ziyorat qilgan va maqbara atrofidagi bog’ni kengaytirgan.

 SHOH JAHON (1592-1666)

Jahongirshohning uchinchi o’g’li Abulmuzaffar SHihobiddin Xurram otasidan so’ng taxtni egallab, o’zini  “Shoh Jahon” deb e’lon qilgan edi. Boburiy podshohlar davrining oltin davrini  yaratgan  Shoh Jahon hukmronligi davom etgan o’ttiz yillik davr mamlakat tarixida yorqin iz qoldirdi.  Boburiylar imperiyasi hududan unchalik katta hajmda kengaymagan bo’lsa-da, bu davr fuqaro uchun tinch, osuda hayot va to’kin-sochinlik,  mo’l-ko’lchilik yillari bo’ldi. Bu davrda aholidan olinadigan soliqlar kamaytirilib, savdo-sotiq va mahsulot ishlab chiqarishda yuqori  o’sish sur’atlarini  ta’minlandi. Tarixnavislarning ta’kidlashlaricha, Shoh Jahondan avvalgi hukmdorlar davrida mamlakat xazinasidan sarflagan xarajat Shoh Jahon davrida sarflangan xarajatlarning to’rtdan biriga ham teng emas, lekin boshqa podshohlar yillab to’plashi mumkin bo’lgan boylikni Shoh Jahon juda qisqa muddat ichidayoq to’plab qo’ygan edi. U davlatni boshqarish tizimi va pul islohotlari o’tkazgan. Chet mamlakatlar bilan diplomatik va savdo munosabatlarini rivojlantirgan. 1637 yili xaddidan oshgan portugallarni Bengaliya ko’rfazi sohillaridan quvib chiqargan.  Shohjahon xukmronligi yillari Boburiylar tarixidagi oltin davrlardan  biri  hisoblanadi.

Hindiston tarixida Shoh Jahon “bunyodkor podshoh” nomini olganligi ham bejiz emas.  SHoh  Jahon davrida bunyod etilgan me’moriy obidalar nafaqat serjilo,  purviqorligi, shuningdek, nozik  did  ila jilo berilganligi bilan  kishi diqqatini o’ziga tortadi. Shoh Jahon hukmronligi davrida bunyod etilgan dunyoning yetti mo’’jizasidan biri  hisoblanmish  “Toji Mahal” hozirgi kunga qadar sof muhabbat va sadoqat ramzi sifatida  butun jahon  ahlini hayratga soladi.

 AVRANGZEB  OLAMGIR (1618-1707)

Muhyiyiddin Muhammad Avrangzeb  Olamgir 1618 yil 24 oktyabrda   Hindistonning Ujjayn viloyatidagi Dohad  shahrida tavallud topgan.  1658 yili taxtga o’tirgan. Boburiylar  asos solgan buyuk davlatni  50 yil mobaynida boshqargan. Zebunniso Begimning otasi. Onasi Mumtoz Mahal nomi bilan mashhur bo’lgan Arjumandbonu  Begim. U ukasi Murodbaxsh bilan ittifoq tuzib, Dehli taxtini otasini tortib olgan. 1686-1687  yillari mamlakat hududini Bijapur va Golkonda hisobiga kengaytirgan. Avrangzeb o’z oldiga aniq maqsad ko’yib, unga erishish yo’lida tinimsiz mehnat qiladigan  qat’iy irodali yigit bo’lganidan hayotning og’ir damlarida ham o’zini yo’qotmas va murakkab vaziyatdan chiqish yo’llarini sovuqqonlik bilan topa oladigan jasur va g’ayratli  inson  edi.

Podshoh sifatida  Avrangzeb  o’z vazifasiga juda yuqori mas’uliyat bilan qarar, xalq manfaatini o’z manfaatidan yuqori qo’yar, oddiy fuqaroni o’z himoyasiga olishni o’zining asosiy burchi deb bilar va  qo’l ostidagi mansabdorlardan ham  shu tamoyillarga  rioya qilishlarini  qat’iy  talab  qilar  edi.   “Haq Taolo meni bu dunyoga shahzoda va podshoh qilib o’zim uchun emas, balki boshqa bandalar uchun yashash va  ularga  xizmat  qilish  uchun yaratgan. O’zimning halovatimni emas, balki boshqalarning   huzurini ko’zlab  ish tutmoqlik  mening burchimdir. Mening baxtim xalqimning baxtidan ajralmasdir”- degan so’zlar Avrangzeb  Olamgirga  tegishli. U 80 ga yaqin turli to’lov va yig’imlarni bekor qildi. Mamlakatning  ma’muriy idoralarida, uning moliyaviy tizimida keskin islohiy tadbirlar o’tkazish haqida qator farmonlar qabul  qilgan. Mamlakat hududida mayparastlik va giyohvandlik qilish hamda qimor o’ynash qat’iyan taqiqlandi.  Avrangzeb davrida xindlarning davlat ishlaridan uzoqlashtirilishi, ibodatxonalarga qarashli mol-mulkning  musodara qilinishi, zo’rlik bilan islom dinini joriy etish siyosati va boshqa sabablar natijasida mamlakatda g’alayonlar ko’tarilgan, Janubiy Hindistondan bir necha rojaliklar ajralib chiqqan va Boburiylar saltanati tanazzulga yuz tuta boshlagan.

Avrangzeb  “Boburnoma”, Alisher Navoiyning “Xazoyinul-ma’oniy” va boshqa asarlarini ko’chirtirgan. U rus knyazi Ivan III ga o’zbek tilida maktub yo’llagan. (hozir u Moskvadagi davlat kutubxonasida saqlanadi).  Avrangzeb 1707 yilning 3 martida vafot etgan.

 BAHODIRSHOH I (1645-1712)

Avrangzebning uchinchi o’g’li, asl ismi – Muazzamshoh. Otasi  hukmronligining so’nggi yillarida Qobul va  Panjob hokimi  bo’lgan.  Avrangzebning Ahmadnagar shahrida vafot  etganligi haqidagi xabarni  20 kundan keyin olgan.  Lohur yaqinida Bahodirshoh nomi bilan boshiga  toj  kiygan.  Shu yilning 1 iyunь kunida Dehlini egallagan, so’ngra Agra yaqinida Bengaliya subadori (hokimi), shahzoda Muhammad A’zamni mag’lub etgan.  1708 yil may oyida Burhonpurda o’zini podshoh deb e’lon qilgan va kenja shahzoda Kombaxsh ustidan g’alaba qozongan. Bu muvaffaqiyatlarga qaramay, marathlar, sikhlar ko’targan qo’zg’olonlar oqibatida saltanat zaiflashishda davom etgan.

♦ JAHONDORSHOH (1668-1713)

Bahodirshoh  I ning to’ngich o’g’li. Otasi vafotidan so’ng uch ukasini mahv etib taxtga o’tirgan (amalda davlatni bosh vazir Zulfikorxon boshqargan). 11 oy ichida  jiyani Farrux Siyar osonlik bilan taxtni tortib olib, Jahondorshoh va Zulfiqorni qatl ettirgan.

 FARRUX SIYAR (1688-1719)

Otasi Azimush Sha’n 1712 yilda taxt uchun kurashda qatl etilgan.  U 1713 yili  aka-uka sayyidlar Hasanali va Husanali yordamida amakisi Jaxondorshohni ag’darib taxtga o’tirgan. Xasanalini bosh vazir va Husanalini esa mir baxshi lavozimiga tayinlangan. Mamlakatni idora qilish asosan sayyidlar qo’lida bo’lib, yangi podshoh ulardan qutilish yo’llarini  izlagan, ammo 1719  yili Husanali marathlar bilan bitim  tuzib, Farrux Siyarni taxtdan tushirib, ikki oydan so’ng  qatl qildiradi.

 MUHAMMADSHOH (1692-1748)

Asl ismi Ravshan Axtar. Boburiylar sulolasidan Jahonshohning o’g’li. 1719 yili Muhammadshoh nomi bilan taxtga o’tirgan. U sayyidlarning davlat boshqaruvidagi mavqeiga barham bergan, ammo Boburiylar davlatiningavvalgi shon-shuhratini tiklay olmagan. Eron xukmdori Nodirshoh xujum qilib, birin-ketin G’azna, Qobul, Jalolobod, peshavor viloyatlarini bosib oladi va 1739 yili Lohurni ham egallaydi. Dehladan qiymati 700 mln.rupiyga teng o’ljalar bilan birga  mashhur “Tovus”taxti  va  Ko’xinur olmosini  ham Eronga  olib ketgan. O’rtada tuzilgan sulhga binoan Xind daryosining o’ng tomonidagi hudud Nodirshoh tasarrufiga o’tadi. Muhammadshoh salkam o’ttiz yil taxtda o’tirgan. Bu davrda Hindiston kichik feodal davlatlarga bo’linib keta boshlagan.

 AHMADSHOH (1715-1754)

Boburiylar davlati taxtiga o’tirib, olti yil  hukmronlik  qilgan.  Bu davrda  davlat ancha zaiflashib, shimoldan Afg’onistonda vujudga kelgan  Durroniylar davlati, janubdan jatlar,  g’arbdan  marathlar, shimoli-g’arbdan sikhlar xavf sola boshlagan edi.  Bu davrda Hindiston yarimorolining sharqiy qismiga kirib olgan Angliyaning  Ost-Nidiya kompaniyasi  ham Hindistondagi tarqoqlikni avj oldirishga xarakat qilgan. Natijada Boburiylar  davlati  tasarrufida  faqat  Gang va Jamna daryolari oralig’idagi hududlar qolgan. 1754 yil bosh vazir G’oziuddin Imodulmulk marathlar yordamida  Ahmadshohni taxtdan ag’darib, ko’ziga milk tortirgan.  Bu voqealar Boburiylar davlatining barham topishini tezlashtirgan.

 OLAMGIR II (1699-1759)

Muhammad Aziziddin. Otasi Jahondorshoh, onasi Nizom Bay Sohiba (Haydarobod subadori Fath Yovangjangning qizi.)

 SHOHOLAM II (1728-1806)

Jaloliddin  Abulmuzaffar  Aligavhar  shaxzodalik paytida Bihar subadori (xokimi) bo’lgan. Otasi Olamgir II ning vafotini eshitgach, SHoholam II nomi bilan  Biharda  o’zini  podshoh deb e’lon qilgan va Allohobodni poytaxt etib tanlagan. Uzoq muddat Bihar va Bengaliyani  bo’ysundirishga uringan, ammo bunga erisholmagan. Bihar, Bengaliya  va Orissa  viloyatlari  bo’yicha  soliq yig’ish kafolatini Ost-Indiya kompaniyasiga topshirib, 1772 yili Dehliga kelgan. Garchi Shoholam uzoq muddat II  taxtda o’tirsa-da, siyosiy mavqeini mustahkamlay olmagan. 1803 yili Dehlini ham egallagan inglizlar unga maxsus nafaqa tayinlab, siyosatdan chetlashtirgan.

 AKBAR II (1760-1837)

Shoholam II ning ikkinchi o’g’li1806 yili  Abunasr Mu’iddin Akbar Soniy nomi bilan Dehli taxtiga o’tirgan. Bu davrda Boburiylar ixtiyorida faqat  Qizil  qal’a qolgan  va  hatto Dehli shahri    ham  ingliz  rezidenti tomonidan boshqarilar edi.  SHunga qaramasdan Hindiston xalqi Boburiylarni o’zi xukmdorlari  deb hisoblashni davom etgan. Akbar II vafotidan so’ng tarixiy man’balarda “Arshi oromgoh”  degan  nom  bilan  tilga  olingan.

 BAHODIRSHOH  II (1775-1862)

Boburiylar sulolasining so’nggi podshohi (1837-1857), shoir. To’liq ismi  Sirojiddin Abulmuzaffar Muhammad Bahodirshoh Zafar.  Otasi  Akbar II

vafotidan  so’ng  inglizlar  62 yoshli  Bahodirshohni  rasman taxtga o’tkazishgan bo’lsa-da,  ammo  uning vakolati  amalda  Qizil Qal’adan  tashqariga chiqmagan.

Inglizlar istibdodigaqarshi Hindiston xalqi bosh ko’targanda  Bahodirshoh II dan  ozodlik uchun  kurashga  rahbarlik  qilish  so’ralgan va u Hindiston xalqllarini dini, millatidan qat’iy nazar, birlashib mustamlakadan  ozod bo’lish uchun kurashga chorlovchi Oliy farmonni imzolagan. (1857 yil 12 may) To’rt oy davom etgan bu kurash shavkatsizlarcha bostirilib, Bahodirshoh  II asir olingan, sud qilinib, bir necha oila a’zosi bilan Birma (hozirgi Myanma) ga surgun qilingan va u tutqunlikda yashagan.  Vafot  etganda esa  buni sir tutish uchun o’sha yerning o’ziga dafn  qilingan. 1903 yilga kelib bu joyda maqbara qurilgan.

Bahodirshoh  II urdu va fors tillarida Zafar taxallusi bilan ijod qilgan.  Vatanni qo’msash, achchiq qismat aks etgan g’azallari Hindiston va Birmada mashhur bo’lgan. Birma Hindiston va Pokistonda ko’chalarga  Bahodirshoh  II nomi berilgan. Varanasa shahrida  byusti  o’rnatilgan.

278