Z.M.BOBUR FARZANDLARI

O’G’IL FARZANDLARI 

 HUMOYUNSHOH

Bobur taxtinining vorisi-Humoyunshoh 1508 yilning 6 martida  Qobulda tug’ilgan.  U bolaligidanoq turkiy, arabiy va forsiy tillarni yaxshi o’rgangan va bu tillarda bemalol yoza olgan. Geografiya, matematika, falsafa, astronomiya va astrologiya fanlarini mukammal bilgan.  Humoyunshoh xukmronligi davrida ilm-fan va madaniyat sezilarli darajada rivojlandi. Poytaxtda “Din-Panoh” deb atalgan  ilm-fan markazi bunyod etildi. Juda itoatkor o’g’il bo’lib, otasining o’git va nasihatlariga sadoqat bilan itoat qilgan. Xotinlari, farzandlari va qarindoshlariga o’ta samimiy va yumshoq ko’ngillilik bilan muomilada bo’lgan.  Humoyunshoh  dono rahbar, sahiy qalbli, yuqori madaniyatli, oliyjanob va shavkatli inson bo’lgan.  Boburshoh saroyida xizmat qilib yurib, uning ichki sir-asrorlaridan xabardor bo’lib olgan makkor Shershoh Sur ustalik bilan foydalanib, 1540 yilda uni Hindistondan quvib chiqaradi.

Biroq Eron shohi Tahmasp yordamida 1555 yilning iyunь oyida 15 yildan so’ng  Humoyun yana Dehliga yurish qilib taxtni raqiblaridan tortib oladi. Toju taxti qayta qo’lga kirgach, u saltanat ishlarini butunlay qayta qurishga va harbiy tizimni  yanada takomillashtirishga bag’ishladi. Biroq saltanat taxtida uzoq o’tirish nasib etmadi. 1556 yil 27  yanvarida u xayotdan ko’z yumdi.  Humoyunshoh  otasi  saltanatini qayta tiklagan va Akbarshohning ulkan imperiyasining yaratilishiga yo’l ochib bergan, Hind-Eron munosabatlarini rivojlantirgan shaxsdir.

♦ KAMRON MIRZO

Zahiriddin Muhammad Mirzoning ikkinchi o’g’li 1509 yili Agra shahrida dunyoga kelgan.  U Qandahor va Qobul viloyatida, keyinchalik Panjob va Hind daryosi vohasi  uning  hukmronligiga  o’tgan.  1540 yillarda Shershoh Suriy boburiylar davlatini bosi bolgach, ukasi Hindol Mirzo bilan Humoyundan Agrani tortib oladi va Afg’onistonni qo’lga kiritib, o’zini podshoh debe’lon qiladi.  1545 yili Humoyun Eron shohi Taxmasp  I ning harbiy yordami bilan Qandahor, Qobul, G’azna va Badaxshonni qo’lga kiritadi va Kamron Mirzo ustidan g’alaba qozonadi.  Natijada o’zaro nizolar yakunida Kamron Mirzo ko’ziga mil tortiladi va ukasi Askariy Mirzo bilan Makkaga yo’l oladi. Uch marotaba haj qilib, to’rtinchi yili haj marosimini ado etayotganda Arofatda 1557 yili zulhijja oyining 15inchisida vafot etib, Muallo qabristonida Xadichai Kubro mozori yaqinida dafn etiladi. 

Komron Mirzo ajoyib iste’dodli, shirinkalom, darveshmaslak shoir edi. Undan o’zbek va dariy tillarida yaratilgan jozibali g’azal, ruboiy, qit’a, masnaviy va fardlardan iborat to’liq devon qolgan. Bu devonning forscha she’rlarini Muhammad Mahfuzulhaq Hindistonda va o’zbekcha she’rlarini Saidbek Hasan O’zbekistonda e’lon qildilar. Komron Mirzoning to’liq ilmiy-tanqidiy devoni hamda hayoti va ijodi haqida mufassal tadqiqot ushbu maqola muallifi tomonidan 1999 yili amalga oshirilgan. Yana bir muhim jihatni qayd etish kerakki, Bobur farzandlaridan Komron Mirzogina otasi izidan borib, asosan, o’zbek tilida she’rlar yozdi. Holbuki, Boburdan keyingi nasllar ko’proq fors tilida yozib fors tili rivojiga xizmat qildilar.

♦ ASKARIY MIRZO

Askariy Mirzo Komron Mirzoning tug’ishgan inisi bo’lib, 1512 yili Kobulda dunyoga kelgan.  Mevat va Qandahor xokimi (1530-1551).  Bobur Mirzoning uchinchi o’g’li. Askariy Mirzo akasi Komron Mirzo bilan qo’shilib, Humoyunga qarshi bir necha marta isyon ko’tardi  va nihoyat Qobul yaqinidagi jangda (1551) da asir olinib, o’zining talabiga ko’ra   haj niyati bilan yo’lga chiqdi. 1558 yilda yo’lda olamdan o’tib, Makkadagi qabristonda dafn etilgan. Askariy Mirzo ham otasi Bobur va aka-ukalaridek iste’dodli bo’lib, forsiy va turkiy tillarda g’azallar bitgan. Undan devon qolgan-qolmagani hozirgacha noma’lum, ammo bir qancha tazkirachilar uning mahoratli shoir ekanligini tasdiqlab, go’zal  g’azallaridan namunalar keltirganlar.

♦ HINDOL MIRZO

Bobur Mirzoning to’rtinchi o’g’li Hindol Mirzo 1518  yili Qobulda tug’ildi. Uning Hindol deb nomlanishiga sabab: Boburshoh Hind mulkini tasarruf qilish niyati bilan yo’lga chiqib, Hindistonning bir necha viloyatlarini qo’lga kiritgan chog’da Hindolning tavalludini eshitib, irim qilib, unga Hindol deb nom qo’ydi.

Hindol Mirzoning onasi Dildor begim bo’lsa-da, Mohim begim qo’lida tarbiya topgani sababli, og’a-inilar orasidagi nizolarda har doim Humoyun tomonida turib, unga yordam berardi. Bobur hayotligida u Badaxshon hukmdori edi (1526-1530).  Xumoyun taxtga o’tirgach, ukasi Hindol Mirzoga Mevat va Olur viloyatlarining hukmronligini bergan. (1530-1538). Boburiylar o’rtasidagi ichki nizolardan foydalangan Shershoh Bihar, Janpur va Kanaujgacha bo’lgan bo’lgan yerlarni bosib olgan  Shu asnoda Hindol Mirzo Humoyunshohga qarshi bosh ko’targan va Agra shahrini bosib olgan  hamda o’zini podshoh deb e’lon qilgan.  Biroq Kamron Mirzo o’z qo’shini bilan kelib, Agrani undan tortib olgan.  Ammo tez fursatda SHershoh Agra va boshqa shaharlarni birin-ketin bosib olgach, Kamron Mirzo bilan birga Qobulga qochgan.  1544 yildan Humoyun Mirzo Erondan qaytib kelgach, boshqa ukalari qatori Hindol Mirzoning gunohini kechirgan. Shundan so’ng u umrining oxirigacha  Humoyunshohga  sodiq qolgan. 1551 yildagi “handaq jangi” da Hindol Mirzo  Kamron Mirzo odamlari tomonidan yaralanadi va olamdan o’tadi. Uning jasadi Qobulga keltirilib, Bog’i Boburda otasi Boburshohning oyog’i ostida dafn etildi. 

Hindol Mirzoning ham zabardast, nozikxayol shoir ekanligini bir qancha tazkirachilar tavsif etib, uning she’rlaridan go’zal namunalarni o’z tazkiralarida naql qilganlar.


QIZ FARZANDLARI 

MA’SUMA SULTON BEGIM

Ma’suma Sulton Begimning onasining ismi  ham Ma’suma Sulton Begim edi. “Boburnoma” asarining 206 betida “Yana qizim Ma’sumaning va o’g’lim Hindolningnavkarlariga tugmalik chakmanlar va  xil’atlar in’om bo’ldi”. Hindistonlik tarixchilar tomonidan Musummat Qobuliy Begim deb tilga olinadi.  Bobur Panipat jangidan so’ng qurdirgan bog’ bu qizning sharafiga “Qobuliy bog’” deb atalgan. Hirot shohi Mirzo Husayn Boyqaroning nevarasi, Mirzo Badiuzamonning o’g’li Muhammad Zamon Mirzoga turmushga chiqqan.

GULBADAN BEGIM

Boburning kenja qizi Gulbadanbegim 1522 yilda Qobul yaqinidagi Qobulhaq degan joyda tug’ilgan. O’rta asrlarda  Sharqda yetishib chiqqan birinchi tarixnavis ayol.  Onasi Dildor begim Bobur Mirzoing amakisi Sulton Mahmud Mirzoning qizi edi. Gulbadan begim otasn Bobur podshohning farmoniga ko’ra katta onasi, ya’ni Humoyun Mirzoning onasi — Mohim begim qo’lida tarbiyalanadi. 1529 yili Mohim Begim bilan birga Agraga borib, otasi Bobur, so’ngra akasi Humoyun saroyida yashagan. Mohim begim Bobur podshohning eng sevikli katta xotini, hukmdorning xotinlari orasida eng oqila va bilimdoni edi. Gulbadan begim har ikkala onasini ham samimiy e’zozlagan. U o’z asarida onasini «Dildor begim» deb, Mohim begimni esa «onam hazratlari» deb tilga oladi. Yoshligidan adabiyot va tarixga qiziqqan. Zamonasining barcha bilimlaridan bohabar bo’lgan, fors tilini mukammal o’zlashtirgan. 1556 yili Humoyun podshoh vafotidan so’ng saltanat taxtiga uning o’g’li Jaloliddin Akbarshoh (1542—1605) o’tirgach, shohning onasi Hamida bonu bilan Gulbadan begim saroyga — Dehliga qaytib keladilar. Ana shundan so’ng, Gulbadan begim to umrining oxirigacha jiyani Akbar podshoh saroyida yashaydi. Gulbadan begim o’z zamonasining oqila, donishmand ayollaridan edi. U jiyani Jaloliddin Akbar podshohning «Firdavs makon va jannat oshyon Hazrat haqidagi voqealardan nimaiki bilsangiz, yozingiz»,— degan ishorasiga muvofiq, «Humoyunnoma» nomli ajoyib va muhim tarixiy asarini yozishga kirishadi. «Humoyunnoma» Bobur podshoh bilan Humoyun podshohning hayot tarzi va sarguzashtlarining muxtasar tarixi bo’lib, mantiqan «Boburnoma»ning davomidir. Bu asarning muhimligi yana shundaki, «Boburnoma» asaridagi ayrim voqealarning kelib chiqish sabablari mukammal ochib beriladi. Gulbadan begim o’z asarida saroy ahlining hayot tarzi, shuningdek, tarixiy asarlarda uchramaydigan Bobur podshoh xonadonining nozik xususiyatlari, oilaviy sharoitlari, to’y va aza bilan bog’liq udumlar, uy-ro’zg’or asboblari, kiyim-kechak turlari kabi jihozlar haqida mufassal hikoya qiladi. Ammo, afsuski, asarning oxirgi qismi o’sha zamonning suronli yillarida yo’qolib ketgan. Mir Mahdi Mirzoning «Tazkirat ul-havotin» asarida keltirilgan «Sevgisiz hayotda ma’no yo’q» mazmunidagi ikki baytiga qaraganda, Gulbadan begimning g’azaliyotdan ham xabari bo’lgan. «Akbarnoma» asarining muallifi Abul Fazlning bergan ma’lumotiga qaraganda, 1575 yilda Gulbadan begim Ka’batullo ziyoratiga jo’nab ketadi va 1582 yilda ko’p qiyinchiliklar bilan ziyoratgohdan qaytib keladi.  Akbarshoh ammasini  shaxsan o’zi kutib oligan vabu voqea sharafiga xalqni ayrim soliqlardan ozod qilgan. Abul Fazlning yozishicha, Gulbadan begim 1603 yilda 80 yoshida vafot etadi. Akbar podshoh uni katta hurmat va ehtirom bilan dafn etdiradi. Akbar podshohning o’zi Gulbadan begim tobutini o’g’il sifatida yelkasida qabristongacha ko’tarib borgan.

♦ GULRANG BEGIM

Boburshohning Dildor og’acha Begim  bilan bo’lgan nikohidan  1511-1515 yillar o’rtasida Qobulda dunyoga kelgan birinchi qizi. Bobur Mirzo o’lim to’shagida yotganida malika Mohim begimga Gulrang begimni  Esontemur Sultonga turmushga berishni  vasiyat qilgan. Mohim Begim erining vasiyatini ijro etgan. Humoyunning majlis va ziyofatlarida boshqa  singillari qatori Gulrang Begim ham uning chap tomonida o’tirgan. Humoyun Dehlini qo’ldan chiqarganda Gulrang Begim hajga otlangan (ammo yetib borgani haqida ma’lumot yo’q). Humoyun taxtni qayta  egallagan vaqtda  Gulrang Begim hayot bo’lmagan.

♦ GULCHEHRA  BEGIM

Boburshoh va  Dildor og’acha Begimning ikkinchi farzandi.  1515-1517 yillar o’rtasida dunyoga kelgan.  Gulrang Begim, Xindol Mirzo va Gulbadan Begim bilan bir onadan tug’ilgan. Bobur vasiyatiga ko’ra To’xtabo’g’axon Sultonga  kuyovga uzatilgan.  To’ydan ko’p o’tmay 1533 yilda To’xtabo’g’axon Sulton  Avadda vafot qilgan va Humoyun Mirzo Gulchehra Begimni Agraga olib kelgan.  U ikkinchi marta movorounnahrlik  Abbos Sultonga turmushga  uzatilgan. Bu nikohdan Baxtuniso ismli qiz farzand ko’rgan.  Humoyun Hindiston taxtini qo’ldan chiqarganda, boshqa temuriy begimlar qatori Qobulga qaytib kelgan.

♦ GUL’UZOR BEGIM

(Ba’zi manbalarda  Shahribonu begim). Onasi Gulruh Begim. Boburshohning eng kichik ukasi Nosir Mirzoning o’g’li Yodgor Mirzoga turmushga chiqqan.

217