BUYUK ALLOMALAR

BOBURIYLAR SHAJARASI

Boburiylar sulolasi – Bobur Mirzo asos solgan sulola. Temuriylar sulolasining bevosita davomi.  Sulolaning boshlanishi sifatida Bobur Farg’ona taxtiga o’tirgan (1494), yo Qobulda hokimyatni qo’lga olgan (1504), yoki Bobur nomiga Hindiston podshohi sifatida xutba o’qilgan (1526 ) sana qaralishi mumkin.  Sulola rasman uning so’nggi vakili Bahodirshoh II taxtdan inglizlar tomonidan mahrum etilgan 1858 yilgacha davom etgan. Boburiylar hukm surgan 300 yildan ortiq davr mobaynida sulola tarixida buyuk ko’tarilish va inqiroz davrlari bo’lgan. Xindiston taxtiga  o’tirgan Boburiylar  sulolasining vakillari :

HUMOYUN NOSIRIDDIN MUHAMMAD  (1508-1556)

Bobur mirzoning to’ng’ich o’g’li.  Boburiylar minatyura maktabi tashkilotchisi. 12 yoshida  Badaxshon hokimi etib tayinlangan. 18 yoshidan otasining Hindistonga qilgan harbiy yurishlarida  faol ishtirok etgan. 1527 yili  Qobul va Badaxshonni idora qilish uchun ruxsat berilgan. Humoyun Badaxshondan turib Samarqand taxtini egallashga xarakat qilgan.  Humoyun Badaxshonda Hindol Mirzoni qoldirib o’zi yana Bobur saroyiga qaytgan. Bobur vafotidan uch kun oldin barcha oila a’zolari  va yirik amaldorlarni yig’ib, Humoyunni podshoh deb e’lon qilgan.

Humoyun poytaxtni Dehliga ko’chirib, “Dini panoh” nomli saroy qurdiradi. Davlatni boshqarish tizimini ishlab chiqadi. Avvaliga Gujarotni zabt etib, ukasi  Askariyni u yerga hokim etib tayinlaydi. So’ngra Chunorda  bosh ko’targan Sherxon Surni taslim qiladi. 1540 yili Surxon Sur Humoyundan Dehli taxtini tortib oladi.

Uzoq sarsongarchilikdan so’ng, Humoyun Tahmasp Safaviy yordamida Qandahor, G’azna, Qobul va Badaxshonni  qayta  egallaydi  va 1555 yili  otameros Hindiston taxtini qaytarib olish uchun Dehli tomon yurish qiladi. Sarkarda sifatida katta tajriba  to’plagan Xumoyun barcha raqiblarni mag’lub etib, yana taxtga o’tiradi. O’sha yili u to’ng’ich o’g’li Akbarni Panjob viloyati xokimi etib tayinlaydi hamda taxt vorisi deb e’lon qiladi.

1556 yil saroy kutubxonasi pillapoyasidan  yiqilganda   boshi bilan marmar zinaga  urilgan  Humoyun  hushidan ketib, ikki kundan so’ng vafot etadi.  Humoyun Movarounnahr va Xurosondan juda ko’plab fozil, ulamo, shoir va musavvirlarni Hindistonga taklif etgan. Boburiylar saroyida yashab ijod etgan ilm ahli Hindiston xalqlarining tili, adabiyoti, san’ati va madaniyatiga katta ta’sir ko’rsatgan. Humoyun o’zbek va fors tillarida ijod qilgan. Sodiq  Kitobdorning “Majma’ul-havos”  asarida  berilgan ma’lumotga ko’ra, Humoyun otasidek saxovatpesha, boy  kutubxona  tashkil etgan ma’rifatli hukmdor bo’lgan.

JALOLIDDIN  MUHAMMAD AKBARSHOH (1542-1605)

Tarixda “Buyuk Akbar” nomi bilan mashhur bo’lgan Jaloliddin  Muhammad Akbarshoh davrida  musulmon va  mahalliy xind bolalari  bir xil umumta’lim maktablarida o’qib, barcha fanlardan  bir xil darsliklardan foydalanishini  joriy etgan.  U etnik va diniy  guruhlarni murosaga keltirib tinchlik va osoyishtalikni ta’minlagan,  Erondan Birmagacha, Himolay va Hindukush tizmalaridan  Godavari daryosi qirg’oqlarigacha yastanib yotgan ulkan imperiyani boshqarishning samarali tizimini ishlab chiqish  va amalga tatbiq etish,  moliya sohasidagi islohotlar, boshqaruv idoralari  ish faoliyatini  yagona  talablar asosida nazorat qilgan  beqiyos aql-zakovat va kuchli iroda sohibi, hamma uchun sevimli shoh bo’lgan shaxsdir. Akbarshoh 50 yillik (1556-1605) hukmdorlik davrida otasidan qolgan kichik bir mamlakatni ulkan saltanatga aylantirdi.  Boburiylar davlati  shimolda Balxdan tortib janubda Godovari daryosigacha, g’arbda Arab dengizidan sharqda Bengaliya  qo’ltig’igacha bo’lgan hududni  qamragan.

Uzoq yillar mobaynida dushmanlik munosabatlarida bo’lgan etnik va diniy guruhlarni murosaga keltirish, yurtda  tinchlik va osoyishtalikni  ta’minlash  davlat rahbaridan juda katta noyob qobiliyatni talab qilar edi. Akbarshoh aynan shunday qobiliyat egasi bo’lgan buyuk davlat arbobi va lashkarboshidir. Uning hukmronligi davrida voyaga yetmagan bolalarni uylantirish va turmushga berish man etildi. Er vafot etsa xotinini uning jasadi bilan birga qo’shib olovda  kuydirilishigi chek qo’yildi, beva ayollarning qayta turmush qurishlariga ruxsat etildi. U boshqargan davlatda har bir fuqaro uning g’amho’rligini sezib turardi. Akbar Agra hamda Fotihpur, Sekri, Lohur, Dehli va boshqa shaharlarda  saroylar, me’moriy inshootlar va bog’lar yaratgan, ilm-fan, san’at va dehqonchilikni rivojlantirgan, asosiy yo’llarni ta’mirlash va xavfsizligini ta’minlash, karvonsaroylar qurish, dengiz yo’li orqali  Yevropa mamlakatlari bilan savdo-sotiq ishlarini olib borish, xajga borishni qulaylashtirish  kabi tadbirlarni amalga oshirgan. Bobur va Humoyun kabi Amir Temur maqbarasini  ta’mirlash uchun Akbar bir filga yuklangan tilla yuborgan. Abdurrahim Xonixononga “Boburnoma” asarining fors tiliga mukammal  tarjimasini yaratishni topshirgan.  Bu  tarjimani miniatyuralar  bilan bezatib, ko’p nusxada tarqatgan.

 JAHONGIRSHOH (1569-1627)

Akbarshohning o’g’li bo’lmish Jahongir (Nuriddin Muhammad Jahongir Podshoh, shahzoda Salim) Boburiylar sulolasidan to’rtinchi podshoh. Onasi–rajput malikasi Maryamuz-Zamoni Begim (Hira Kunvari). Uning xukmronligi davrida Mevar (1615),  Kangri Kishtvar, Ahmadnagar (1620), Bijopur va Golkonda (1621) Boburiylar davlatiga qo’shib olingan. Tasviriy san’at, miniatyura va adabiyot rivoj topgan, Akbar maqbarasi qurilgan. Davlatni idora qilish dasturini joriy etgan. Movorounnahr bilan diplomatik  munosabatlarni rivojlantirgan.

Jahongirshoh she’rlar ham yozgan. “Jahongirnoma” nomli tarixiy asar muallifi.

U mamlakat hududida musallas va giyohvand moddalar tayyorlash va ular bilan savdo qilishni ta’qiqladi. Ma’muriy mansabdor shaxslarning o’zboshimchalik bilan uy-joy va ekin ekiladigan  maydonlarni egallab olishlari va  qo’l ostidagi qizlarni xotinlikka olishlariga chek qo’ydi. Jinoiy javobgarlikda ayblanganlarning quloq va burunlarini kesib jazolash chorasi  bekor qilindi. Dehqonlarga ortiqcha soliqlar solish, mahalliy  hokimlarga  savdogarlarning mollarini taftish qilish,  tug’ilgan qizchalarni o’ldirish (Rojastan), soliq hisobiga bolalarni tortib olish (Bengaliya) va boshqalar man etilgan. U dinga nisbatan xolisona siyosat olib borib,  hech kimning diniy e’tiqodini kamsitilishiga yo’l qo’ymagan.  Jahongirshoh mamlakatda tasviriy san’atning rivojlanishi va keng  miqyosda yoyilishiga katta hissa qo’shgan. Bog’dorchilik sohasiga ham katta e’tibor bergan. Hindistonga  o’n-o’n besh xil  mevali va manzarali daraxtlarni olib kelib, payvandlab  yetishtirishga buyruq bergan.  Hususan Kashmirda o’stirilgan olcha daraxti ham shular jumlasidandir. Jahongirshoh 1607 yili Qobulga kelib bobokaloni Bobur qabrini ziyorat qilgan va maqbara atrofidagi bog’ni kengaytirgan.

 SHOH JAHON (1592-1666)

Jahongirshohning uchinchi o’g’li Abulmuzaffar SHihobiddin Xurram otasidan so’ng taxtni egallab, o’zini  “Shoh Jahon” deb e’lon qilgan edi. Boburiy podshohlar davrining oltin davrini  yaratgan  Shoh Jahon hukmronligi davom etgan o’ttiz yillik davr mamlakat tarixida yorqin iz qoldirdi.  Boburiylar imperiyasi hududan unchalik katta hajmda kengaymagan bo’lsa-da, bu davr fuqaro uchun tinch, osuda hayot va to’kin-sochinlik,  mo’l-ko’lchilik yillari bo’ldi. Bu davrda aholidan olinadigan soliqlar kamaytirilib, savdo-sotiq va mahsulot ishlab chiqarishda yuqori  o’sish sur’atlarini  ta’minlandi. Tarixnavislarning ta’kidlashlaricha, Shoh Jahondan avvalgi hukmdorlar davrida mamlakat xazinasidan sarflagan xarajat Shoh Jahon davrida sarflangan xarajatlarning to’rtdan biriga ham teng emas, lekin boshqa podshohlar yillab to’plashi mumkin bo’lgan boylikni Shoh Jahon juda qisqa muddat ichidayoq to’plab qo’ygan edi. U davlatni boshqarish tizimi va pul islohotlari o’tkazgan. Chet mamlakatlar bilan diplomatik va savdo munosabatlarini rivojlantirgan. 1637 yili xaddidan oshgan portugallarni Bengaliya ko’rfazi sohillaridan quvib chiqargan.  Shohjahon xukmronligi yillari Boburiylar tarixidagi oltin davrlardan  biri  hisoblanadi.

Hindiston tarixida Shoh Jahon “bunyodkor podshoh” nomini olganligi ham bejiz emas.  SHoh  Jahon davrida bunyod etilgan me’moriy obidalar nafaqat serjilo,  purviqorligi, shuningdek, nozik  did  ila jilo berilganligi bilan  kishi diqqatini o’ziga tortadi. Shoh Jahon hukmronligi davrida bunyod etilgan dunyoning yetti mo’’jizasidan biri  hisoblanmish  “Toji Mahal” hozirgi kunga qadar sof muhabbat va sadoqat ramzi sifatida  butun jahon  ahlini hayratga soladi.

 AVRANGZEB  OLAMGIR (1618-1707)

Muhyiyiddin Muhammad Avrangzeb  Olamgir 1618 yil 24 oktyabrda   Hindistonning Ujjayn viloyatidagi Dohad  shahrida tavallud topgan.  1658 yili taxtga o’tirgan. Boburiylar  asos solgan buyuk davlatni  50 yil mobaynida boshqargan. Zebunniso Begimning otasi. Onasi Mumtoz Mahal nomi bilan mashhur bo’lgan Arjumandbonu  Begim. U ukasi Murodbaxsh bilan ittifoq tuzib, Dehli taxtini otasini tortib olgan. 1686-1687  yillari mamlakat hududini Bijapur va Golkonda hisobiga kengaytirgan. Avrangzeb o’z oldiga aniq maqsad ko’yib, unga erishish yo’lida tinimsiz mehnat qiladigan  qat’iy irodali yigit bo’lganidan hayotning og’ir damlarida ham o’zini yo’qotmas va murakkab vaziyatdan chiqish yo’llarini sovuqqonlik bilan topa oladigan jasur va g’ayratli  inson  edi.

Podshoh sifatida  Avrangzeb  o’z vazifasiga juda yuqori mas’uliyat bilan qarar, xalq manfaatini o’z manfaatidan yuqori qo’yar, oddiy fuqaroni o’z himoyasiga olishni o’zining asosiy burchi deb bilar va  qo’l ostidagi mansabdorlardan ham  shu tamoyillarga  rioya qilishlarini  qat’iy  talab  qilar  edi.   “Haq Taolo meni bu dunyoga shahzoda va podshoh qilib o’zim uchun emas, balki boshqa bandalar uchun yashash va  ularga  xizmat  qilish  uchun yaratgan. O’zimning halovatimni emas, balki boshqalarning   huzurini ko’zlab  ish tutmoqlik  mening burchimdir. Mening baxtim xalqimning baxtidan ajralmasdir”- degan so’zlar Avrangzeb  Olamgirga  tegishli. U 80 ga yaqin turli to’lov va yig’imlarni bekor qildi. Mamlakatning  ma’muriy idoralarida, uning moliyaviy tizimida keskin islohiy tadbirlar o’tkazish haqida qator farmonlar qabul  qilgan. Mamlakat hududida mayparastlik va giyohvandlik qilish hamda qimor o’ynash qat’iyan taqiqlandi.  Avrangzeb davrida xindlarning davlat ishlaridan uzoqlashtirilishi, ibodatxonalarga qarashli mol-mulkning  musodara qilinishi, zo’rlik bilan islom dinini joriy etish siyosati va boshqa sabablar natijasida mamlakatda g’alayonlar ko’tarilgan, Janubiy Hindistondan bir necha rojaliklar ajralib chiqqan va Boburiylar saltanati tanazzulga yuz tuta boshlagan.

Avrangzeb  “Boburnoma”, Alisher Navoiyning “Xazoyinul-ma’oniy” va boshqa asarlarini ko’chirtirgan. U rus knyazi Ivan III ga o’zbek tilida maktub yo’llagan. (hozir u Moskvadagi davlat kutubxonasida saqlanadi).  Avrangzeb 1707 yilning 3 martida vafot etgan.

 BAHODIRSHOH I (1645-1712)

Avrangzebning uchinchi o’g’li, asl ismi – Muazzamshoh. Otasi  hukmronligining so’nggi yillarida Qobul va  Panjob hokimi  bo’lgan.  Avrangzebning Ahmadnagar shahrida vafot  etganligi haqidagi xabarni  20 kundan keyin olgan.  Lohur yaqinida Bahodirshoh nomi bilan boshiga  toj  kiygan.  Shu yilning 1 iyunь kunida Dehlini egallagan, so’ngra Agra yaqinida Bengaliya subadori (hokimi), shahzoda Muhammad A’zamni mag’lub etgan.  1708 yil may oyida Burhonpurda o’zini podshoh deb e’lon qilgan va kenja shahzoda Kombaxsh ustidan g’alaba qozongan. Bu muvaffaqiyatlarga qaramay, marathlar, sikhlar ko’targan qo’zg’olonlar oqibatida saltanat zaiflashishda davom etgan.

♦ JAHONDORSHOH (1668-1713)

Bahodirshoh  I ning to’ngich o’g’li. Otasi vafotidan so’ng uch ukasini mahv etib taxtga o’tirgan (amalda davlatni bosh vazir Zulfikorxon boshqargan). 11 oy ichida  jiyani Farrux Siyar osonlik bilan taxtni tortib olib, Jahondorshoh va Zulfiqorni qatl ettirgan.

 FARRUX SIYAR (1688-1719)

Otasi Azimush Sha’n 1712 yilda taxt uchun kurashda qatl etilgan.  U 1713 yili  aka-uka sayyidlar Hasanali va Husanali yordamida amakisi Jaxondorshohni ag’darib taxtga o’tirgan. Xasanalini bosh vazir va Husanalini esa mir baxshi lavozimiga tayinlangan. Mamlakatni idora qilish asosan sayyidlar qo’lida bo’lib, yangi podshoh ulardan qutilish yo’llarini  izlagan, ammo 1719  yili Husanali marathlar bilan bitim  tuzib, Farrux Siyarni taxtdan tushirib, ikki oydan so’ng  qatl qildiradi.

 MUHAMMADSHOH (1692-1748)

Asl ismi Ravshan Axtar. Boburiylar sulolasidan Jahonshohning o’g’li. 1719 yili Muhammadshoh nomi bilan taxtga o’tirgan. U sayyidlarning davlat boshqaruvidagi mavqeiga barham bergan, ammo Boburiylar davlatiningavvalgi shon-shuhratini tiklay olmagan. Eron xukmdori Nodirshoh xujum qilib, birin-ketin G’azna, Qobul, Jalolobod, peshavor viloyatlarini bosib oladi va 1739 yili Lohurni ham egallaydi. Dehladan qiymati 700 mln.rupiyga teng o’ljalar bilan birga  mashhur “Tovus”taxti  va  Ko’xinur olmosini  ham Eronga  olib ketgan. O’rtada tuzilgan sulhga binoan Xind daryosining o’ng tomonidagi hudud Nodirshoh tasarrufiga o’tadi. Muhammadshoh salkam o’ttiz yil taxtda o’tirgan. Bu davrda Hindiston kichik feodal davlatlarga bo’linib keta boshlagan.

 AHMADSHOH (1715-1754)

Boburiylar davlati taxtiga o’tirib, olti yil  hukmronlik  qilgan.  Bu davrda  davlat ancha zaiflashib, shimoldan Afg’onistonda vujudga kelgan  Durroniylar davlati, janubdan jatlar,  g’arbdan  marathlar, shimoli-g’arbdan sikhlar xavf sola boshlagan edi.  Bu davrda Hindiston yarimorolining sharqiy qismiga kirib olgan Angliyaning  Ost-Nidiya kompaniyasi  ham Hindistondagi tarqoqlikni avj oldirishga xarakat qilgan. Natijada Boburiylar  davlati  tasarrufida  faqat  Gang va Jamna daryolari oralig’idagi hududlar qolgan. 1754 yil bosh vazir G’oziuddin Imodulmulk marathlar yordamida  Ahmadshohni taxtdan ag’darib, ko’ziga milk tortirgan.  Bu voqealar Boburiylar davlatining barham topishini tezlashtirgan.

 OLAMGIR II (1699-1759)

Muhammad Aziziddin. Otasi Jahondorshoh, onasi Nizom Bay Sohiba (Haydarobod subadori Fath Yovangjangning qizi.)

 SHOHOLAM II (1728-1806)

Jaloliddin  Abulmuzaffar  Aligavhar  shaxzodalik paytida Bihar subadori (xokimi) bo’lgan. Otasi Olamgir II ning vafotini eshitgach, SHoholam II nomi bilan  Biharda  o’zini  podshoh deb e’lon qilgan va Allohobodni poytaxt etib tanlagan. Uzoq muddat Bihar va Bengaliyani  bo’ysundirishga uringan, ammo bunga erisholmagan. Bihar, Bengaliya  va Orissa  viloyatlari  bo’yicha  soliq yig’ish kafolatini Ost-Indiya kompaniyasiga topshirib, 1772 yili Dehliga kelgan. Garchi Shoholam uzoq muddat II  taxtda o’tirsa-da, siyosiy mavqeini mustahkamlay olmagan. 1803 yili Dehlini ham egallagan inglizlar unga maxsus nafaqa tayinlab, siyosatdan chetlashtirgan.

 AKBAR II (1760-1837)

Shoholam II ning ikkinchi o’g’li1806 yili  Abunasr Mu’iddin Akbar Soniy nomi bilan Dehli taxtiga o’tirgan. Bu davrda Boburiylar ixtiyorida faqat  Qizil  qal’a qolgan  va  hatto Dehli shahri    ham  ingliz  rezidenti tomonidan boshqarilar edi.  SHunga qaramasdan Hindiston xalqi Boburiylarni o’zi xukmdorlari  deb hisoblashni davom etgan. Akbar II vafotidan so’ng tarixiy man’balarda “Arshi oromgoh”  degan  nom  bilan  tilga  olingan.

 BAHODIRSHOH  II (1775-1862)

Boburiylar sulolasining so’nggi podshohi (1837-1857), shoir. To’liq ismi  Sirojiddin Abulmuzaffar Muhammad Bahodirshoh Zafar.  Otasi  Akbar II

vafotidan  so’ng  inglizlar  62 yoshli  Bahodirshohni  rasman taxtga o’tkazishgan bo’lsa-da,  ammo  uning vakolati  amalda  Qizil Qal’adan  tashqariga chiqmagan.

Inglizlar istibdodigaqarshi Hindiston xalqi bosh ko’targanda  Bahodirshoh II dan  ozodlik uchun  kurashga  rahbarlik  qilish  so’ralgan va u Hindiston xalqllarini dini, millatidan qat’iy nazar, birlashib mustamlakadan  ozod bo’lish uchun kurashga chorlovchi Oliy farmonni imzolagan. (1857 yil 12 may) To’rt oy davom etgan bu kurash shavkatsizlarcha bostirilib, Bahodirshoh  II asir olingan, sud qilinib, bir necha oila a’zosi bilan Birma (hozirgi Myanma) ga surgun qilingan va u tutqunlikda yashagan.  Vafot  etganda esa  buni sir tutish uchun o’sha yerning o’ziga dafn  qilingan. 1903 yilga kelib bu joyda maqbara qurilgan.

Bahodirshoh  II urdu va fors tillarida Zafar taxallusi bilan ijod qilgan.  Vatanni qo’msash, achchiq qismat aks etgan g’azallari Hindiston va Birmada mashhur bo’lgan. Birma Hindiston va Pokistonda ko’chalarga  Bahodirshoh  II nomi berilgan. Varanasa shahrida  byusti  o’rnatilgan.

277

Z.M.BOBUR HAYOTI VA IJODI

Bobur (taxallusi; toʻliq ismi Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo) (1483.14.2, Andijon 1530.26.12, Agra) — oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakili: buyuk shoir; tarixchi, geograf; davlat arbobi, isteʼdodli sarkarda; boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda.

Boburning otasi — Umarshayx Mirzo Fargʻona viloyati hokimi, onasi — Qutlugʻ Nigorxonim Moʻgʻuliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi. Boburning onasi oʻqimishli va oqila ayol boʻlib, Boburga hokimiyatni boshqarish ishlarida faol koʻmak bergan, harbiy yurishlarida unga hamroxlik qilgan. Umarshayx Mirzo xonadoni poytaxt Andijonning arki ichida yashar edi. Hokim yoz oylari Sirdaryo boʻyida, Axsida, yilning qolgan faslini Andijonda oʻtkazardi. Boburning yoshligi Andijonda oʻtgan. Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy taʼlim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini oʻrganadi, koʻplab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qiladi, ilm fanga, sheʼriyatga qiziqa boshlaydi. Dovyurakligi va jasurligi  uchun  u  yoshligidan  “Bobur” (“Sher”)  laqabini oladi.

Bobur otasi yoʻlidan borib, mashhur so’fiy — Xoja Ahrorga ixlos qoʻyadi va uning tariqati ruhida voyaga yetadi, umrining oxiriga qadar shu eʼtiqodga sodiq qoladi. Keyinchalik, „Boburnoma“ asarida Bobur Xoja Ahror ruhi bir necha bor uni muqarrar halokatdan, xastalik va chorasizlikdan xalos etganini, eng ogʻir sharoitlarda rahnamolik qilganligini  taʼkidlaydi. Otasi Axsida bevaqt, 39 yoshida fojiali halok boʻlgach, oilaning katta  farzandi, 12 yoshli   Bobur  valiahd sifatida taxtga oʻtiradi (1494-yil iyun).

Movarounnahr 15 – asr oxirida oʻzaro nizolashayotgan temuriy shahzodalar yoki mulkdor zodagonlar boshchilik qilib turgan, deyarli mustaqil boʻlib olgan koʻpdan koʻp viloyatlarga parchalanib ketgan edi. Movarounnahr taxti uchun kurash avjiga chiqqan, turli siyosiy fitnalar uyushtirilmoqda edi. Buning ustiga Umarshayx Mirzoga tobe bir necha bek va hokimlar yosh hukmdorga (Boburga) boʻysunishdan bosh tortadilar. Ularning ayrimlari Boburning ukalarini yoqlasa, baʼzilari mustaqillik daʼvosini qiladi, yana boshqa birlari Boburga raqib, boshqalari amaki, togʻalariga qoʻshilib, uni jismonan yoʻqotish payiga tushadi. Oʻz amakisi va togʻasi boʻlmish Sulton Ahmad Mirzo bilan Sulton Mahmudxon xurujlarini daf qilgan Bobur hukmronligining dastlabki 2— 3 yilida mavqeini mustahkamlash, bek va amaldorlar bilan oʻzaro munosabatni yaxshilash, qoʻshinni tartibga keltirish, davlat ishlarida intizom oʻrnatish kabi muhim chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Boburning dastlabki siyosiy maqsadi Amir Temur davlatining poytaxti, strategik va geografik jihatdan muhim boʻlgan Samarqandni egallash va Movarounnahrda markazlashgan kuchli davlatni saqlash, mustahkamlash hamda Amir Temur saltanatini qayta tiklashdan iborat edi. Bu paytda, qisqa muddat ichida Samarqand taxtiga uchinchi hukmdor kelgan edi. Sulton Ahmad Mirzo vafoti (1494-yil iyul) dan keyin taxtga oʻtirgan Sulton Mahmud Mirzo Samarqandda davlatni 5-6 oydan ortiq idora etmadi, qisqa muddatli kasallikdan soʻng 43 yoshida vafot etdi. Uning  oʻrniga Buxoroda hokim boʻlgan oʻgʻli Boysungʻur oʻtiradi. 1495—1496-yillarda Bobur Samarqandga ikki marta muvaffaqiyatsiz yurish qiladi. 1497-yil kuzida u Samarqand atrofidagi bir qancha joylarni va 7 oylik qamaldan soʻng Samarqandni egallaydi, Boysungʻur Qunduzga qochadi. Shahar qamal tufayli nihoyatda ogʻir kunlarni boshidan kechirmoqda edi. Hatto yegulik don ham topish mushkul edi. Bobur qoʻshinni taʼminlashda katta qiyinchiliklarga duch keldi. Navkarlaridan ayrimlari Andijon va Axsi tomon qochib ketadilar. Buning ustiga Andijonda qolgan ayrim beklar Boburdan yuz oʻgirib, uning ukasi Jahongir Mirzo tarafiga oʻtadilar. Andijondan koʻngli notinch boʻlgan va iqtisodiy qiyinchiliklarga uchragan, ayni zamonda ogʻir xastalikni boshidan kechirgan Bobur Samarqandni yuz kun idora etgandan soʻng, uni tark etishga qaror qiladi. Ammo Xoʻjandga yetganda Andijon ham qoʻldan ketib, muxoliflar ixtiyoriga oʻtganini eshitadi. Boburning Toshkent hokimi, togʻasi Mahmudxon koʻmagida Andijonni qayta egallashga urinishi natija bermaydi. Bu muvaffaqiyatsizlik Bobur qoʻshiniga salbiy taʼsir etib, koʻpchilik bek, navkarlar (700—800 kishi) Boburni tark etadi. Oʻziga sodiq kishilar (200—300) bilan qolgan Bobur maʼlum muddat Xoʻjandda turgach, Toshkentga — Mahmudxon huzuriga kelib, Andijonni qaytarib olish rejasini tuza boshlaydi. Maʼlum muddat oʻtgach, Bobur Xoʻjandga qaytadi, koʻp oʻtmay, Margʻilonni qoʻlga kiritadi hamda Andijonni egallash tadbirlarini koʻradi. Nihoyat, 2 yildan soʻng (1498 yil iyun) uni qayta qoʻlga kiritadi. Bobur ukasi Jahongir Mirzo bilan sulh tuzib, uning ixtiyorida “Xoʻjand suvining Axsi tarafi viloyatlarini…” qoldiradi, Andijon tarafi viloyatlarini  oʻz  tasarrufiga oladi.

Temuriylarning oʻzaro urushlari kuchaygan kezlarda Shayboniyxon Movarounnahrni istilo qilishga kirishadi. U 1499-yil Jizzax va Samarqand orqali Qarshi va Shahrisabzgacha bosib boradi, katta oʻlja bilan Dashti Qipchoqqa qaytadi. Oradan koʻp oʻtmay, katta kuch bilan Movarounnahrga qaytgan Shayboniyxon Buxoro va Qorakoʻlni egallaydi (1499), Sulton Ali Mirzo kaltabinlik bilan Samarqandni Shayboniyxonga jangsiz topshiradi (1500). Biroq, shahar aholisi va zodagonlarining maʼlum qismi temuriylar hukmdorligini tiklash tarafdori edi. Ular Fargʻona hokimi Boburga maktub yoʻllab, Samarqandni ishgʻol qilishga daʼvat etganlar. Bobur 1500-yil kech kuzida oʻz qoʻshini (240 kishi) bilan Samarqandga yetib kelgach, aholi unga peshvoz chiqib, shahar darvozalarini ochib beradi. Shayboniyxonning shahar himoyasi uchun qoldirgan 600 nafar askari qirib tashlanadi. Shayboniyxon Buxoroga chekinadi. Qisqa vaqt ichida Samarqandning barcha tumanlari, Qarshi va Gʻuzor shaharlarida Bobur hokimligi eʼtirof etiladi. Ammo shaharda oziq-ovqat zaxiralari tugab, ocharchilik boshlangan edi. Bundan xabar topgan Shayboniyxon katta kuch toʻplab, yana Samarqandga yurish boshlaydi. 1501-yil aprelda Zarafshon boʻyidagi Saripul qishlogʻi yaqinida boʻlgan jangda Bobur qoʻshinlari yengiladi. Bobur Samarqandga chekinadi. Shahar yana qamal qilinib, u toʻrt oy davom etadi. Qamalda qolgan shahar aholisining ochlikdan tinkasi quriydi, Bobur 1501-yilning 2-yarmida noilojlikdan Samarqandni tark etib, Toshkentga, Mahmudxon huzuriga  yoʻl  oladi.

Bobur Temuriylar saltanatini himoya qilish va uni saqlab qolish uchun astoydil harakat qilib, Shayboniyxonga qarshi bir necha yil davomida muttasil kurash olib borsada, ammo mamlakatda hukm surgan ogʻir iqtisodiy tanglik va siyosiy parokandalik sharoitida maqsadiga erisha olmaydi. 1503-yil Toshkent xoni Mahmudxon, Bobur va qalmoqlarning birlashgan qoʻshini Shayboniyxon tomonidan Sirdaryo boʻyida tormor qilinadi. Bobur Samarqand taxti uchun kurashayotgan paytda Andijonni Sulton Ahmad Tanbal egallab oladi. 1501—04-yillarda Bobur Fargʻona mulkini qaytarib olish uchun Sulton Ahmad Tanbal, Jahongir mirzolarga qarshi olib borgan kurashi muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Temuriylarning toʻxtovsiz janglari va ogʻir soliqlaridan toliqqan xalq Boburni qoʻllamadi va u Movarounnahrni tark etishga (1504-yil iyun) majbur bo`ladi.

Bobur 200—300 navkari bilan Hisor togʻlari orqali Afgʻonistonga oʻtadi va u yerdagi ichki nizolardan foydalanib Gʻazna va Qobulni egallaydi. Bobur Qobulni egallagach, mustaqil davlat tuzishga jadal kirishadi, qoʻshinni tartibga keltiradi, qattiq ichki intizom oʻrnatadi. Qobulga, umuman Afgʻonistonga Bobur oʻz yurti kabi qaradi, qurilish, obodonlashtirish, kasb-hunar va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish ishlarini boshlab yuboradi. “Bogʻi Shaxroro”, “Bogʻi Jahonoro”, “Oʻrtabog’”, “Bogʻi vafo” va “Bogʻi Bobur” kabi oromgohlar tashkil etdi. Shahar ichidagi Bolo Hisor qalʼasini oʻz qarorgohiga aylantirib, uni qayta taʼmirlatdi, yangi imoratlar qurdirdi va oilasi bilan shu qalʼada yashadi. Uning Humoyun, Gulbadanbegim, Komron va Hindol ismli farzandlari shu yerda tugʻiladi. 1506-yil bahorda vafot etgan Qutlugʻ Nigorxonim Mirzo Ulugʻbek shu yerda bunyod ettirgan  “Bogʻi Navroʻziy” ga dafn etiladi.

Bobur Afgʻonistonda bir fotih sifatida emas, balki shu yurt, el obodonligi va ravnaqi uchun jon kuydirgan tadbirli hukmron sifatida qizgʻin faoliyat koʻrsatdi, uning manfaatlari yoʻlida odilona va oqilona ish tutdi. Afgʻonistondagi amaliy faoliyatiga koʻra, Bobur butun Xuroson va Movarounnahrda qudratli davlat boshligʻi va muzaffar sarkarda sifatida katta obroʻ ortira bordi, mintaqadagi siyosiy hayot eʼtiborli oʻringa koʻtarildi. Shayboniylarning tobora kuchayib borayotgan yurishiga qarshi birgalikda chora koʻrish masalasida Sulton Husayn Boyqaro barcha temuriy hukmdorlar qatorida Boburni ham maslahat yigʻiniga maxsus taklif etishi ana shunday yuksak nufuzni koʻrsatuvchi dalildir. Bobur shu taklif boʻyicha Hirotga otlanadi. Husayn Boyqaroning toʻsatdan vafot etishiga (1506) qaramay, u Hirotga boradi va temuriy hukmdorlar bilan uchrashib muzokaralar oʻtkazadi. Temuriy hukmdorlarning birlashib Shayboniyxon qoʻshinlariga toʻsiq qoʻyish rejalari amalga oshmaydi va tez orada birin ketin magʻlubiyatga uchrab, saltanatni batamom qoʻldan chiqaradilar.

1507-yil boshlarida Bobur Hindistonga yurish boshlaydi. Ammo, bu urinishi muvaffaqiyatsiz  tugab, yana poytaxt Qobulga qaytadi. Bobur Movarounnahr va Xurosondagi siyosiy vaziyat va urush harakatlarini kuzatib boradi, oʻz qoʻshinlarini doimo shay tutadi. Shayboniyxon Xurosonning yirik markazlarini qoʻlga kiritgach, Eronni zabt etish uchun yurish boshlaydi. Ammo, Eron shohi Ismoil Safaviy bilan qattiq toʻqnashuvda (1510) yengiladi, oʻzi ham Marvda halok boʻladi. Shoh Ismoil Xuroson va Movarounnahrga qoʻshin kiritib shayboniylarga ketma-ket zarar yetkaza boshlaydi. Bobur shoh Ismoil bilan harbiy-siyosiy ittifoq tuzib, 1511-yil bahorida Hisorni, yozida Buxoroni, oktabr boshida esa Samarqandni yana qoʻlga kiritadi. Boburning shia mazhabidagi eroniylar raʼyi bilan ish tutishi aholida norozilik tugʻdiradi. 1512-yil 28-aprelda Koʻli malik jangida Ubaydulla Sulton boshliq shayboniylardan yengilgan Bobur Hisor tomon ketadi. 1512-yil kuzida Bobur shoh Ismoil yuborgan Najmi Soniy laqabli lashkarboshi bilan Balxda uchrashib, Amudaryodan kechib oʻtib, avval Huzar (Gʻuzor) qalʼasini oladi, soʻng Qarshiga yurish qiladi, shahar uzoq muddatli qamaldan soʻng taslim boʻladi, shahar himoyachilari qattiq jazolanadi. 1512 yil 24 noyabrda Gʻijduvon jangida Bobur shayboniylardan yana yengilib, Qobulga qaytishga majbur boʻladi. Bobur Movarounnahrni egallash ilinjidan uzil kesil umidini uzadi va butun eʼtiborini Hindistonga qaratadi. 1519-yil bahoriga kelib Bobur Hindistonni zabt etish rejalarini amalga oshirishga kirishadi va keyingi 5—6 yil davomida bir necha yurishlar uyushtiradi. Nihoyat, 1526-yil aprelda Panipatda asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Lo’diyning yuz ming kishilik qoʻshinini 12 minglik askari bilan tor-mor qiladi hamda Dehlini egallaydi.  Oradan koʻp oʻtmay, ikkinchi yirik hind sarkardasi Rano Sango ustidan ham zafar qozonib, Shimoliy Hindistonning Bengaliyagacha bo’lgan qismini oʻziga boʻysundiradi. Agrani oʻziga poytaxt sifatida tanlagan Bobur katta qurilish va obodonchilik ishlarini boshlab yuboradi. Shu tariqa Bobur Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukm surgan qudratli boburiylar sulolasiga asos soladi. Bobur Hindistonda ham, xuddi Afgʻonistonda boʻlganidek, koʻplab ijtimoiy xayrli ishlarni amalga oshirdi, mamlakat taraqqiyotiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Tarqoqlik va parokandalikka, oʻzaro ichki nizo, qirgʻinlarga barham berib, viloyatlarni birlashtirdi, markazlashgan davlatni mustahkamlash va yurtni obodonlashtirishga, ilmu hunar va dehqonchilikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratdi. Qurilish ishlariga boshchilik qildi.

Boburning oʻz guvoxligiga koʻra, shoir sifatida ijodiy faoliyati Samarqandni ikkinchi marta egallagan vaqtda boshlangan: “Ul fursatlarda biror ikkirar bayt aytur edim”, deb yozadi u. Bobur Samarqanddaligining ilk oylarida Alisher Navoiy tashabbusi bilan ular oʻrtasida yozishma boshlanadi. Bobur atrofida ijodkorlar toʻplana boshlashi ham shu yillarga toʻgʻri keladi. Jumladan, Binoiy, Abulbaraka va Bobur oʻrtasidagi ruboiy mushoirasi Samarqanddagi qizgʻin adabiy hayotdan darak beradi. Umuman, davlat arbobi va koʻp vaqti jangu jadallarda oʻtgan sarkarda sifatida ijtimoiy faoliyatining eng qizgʻin davrida ham, shaxsiy hayoti va davlati nihoyatda murakkab va xatarli sharoitda qolgan chogʻlarida ham Bobur ijodiy ishga vaqt topa bilgan, ilm, sanʼat va ijod ahlini oʻz  atrofiga toʻplab, homiylik  qilgan, ularni  ragʻbatlantirgan. Аdabiyot va tarix, musiqa va sanʼatdan yaxshi xabardor boʻlgan, diniy taʼlimotga chin ixlos qoʻygan Bobur har doim olimu fozillar davrasida boʻldi, xususan ijod ahliga, kasbu hunar sohiblariga samimiy ehtirom koʻrgazib homiylik qildi, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib turdi. Ijod va sanʼat ahliga bunday mehrli munosabat aslo bejiz boʻlmagan. Bobur tabiatan ijodkor edi. Yigitlik yillaridan boshlab to umrining oxirigacha samarali ijodiy ish bilan shugʻullandi, har qanday sharoit va vaziyatlarda ham ijoddan toʻxtamadi, natijada, har  jihatdan  muhim  boy ilmiy  va  adabiy  meros qoldirdi.

Bobur 18—19 yoshlarida ruboiy va gʻazallar yoza boshlagan. Uning “Topmadim” radifli gʻazali va “Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi” misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysi  oʻsha  yillardagi hayoti bilan bogʻliq.   Boburning ulkan sanʼatkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga koʻtara oladi va natijada asarlarida olgʻa surilgan gʻoyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga koʻtariladi. Bobur ijodida, xususan, sheʼriyatida kindik qoni toʻkilgan ona yurtini dil-dildan qoʻmsash, uning tuprogʻiga talpinish, gʻariblik azoblaridan oʻtli hasrat, yoru diyor soginchi va visol ilinji, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan  nola badiiy tahlil etiladi.

Bobur ijodida ishq-muhabbat, sevgi-sadoqat, visol va hijron mavzusi ham salmoqli oʻrin tutadi. Uning g’azal va ruboiylarida, tuyuq va masnaviylarida maʼshuqaning maftunkor goʻzalligi, beqiyos husnu latofati, sharqona odobu axloqi, nozu karashmasi yengil va oʻynoqi, musiqiy va ravon misralarda katta mahorat bilan tarannum etiladi.

Boburning o`z  sheʼriy asarlarini toʻplab, devon holiga keltirgan sanani koʻrsatuvchi aniq tarixiy maʼlumotlar maʼlum emas. Ammo “Boburnoma”ning 1518-1519-yillar voqealari bayoniga bagʻishlangan faslida Bobur devonini Qobuldan Samarqandga yuborganligi toʻgʻrisida soʻz boradi. Demak, shu yillarda uning devoniga tartib berilgan va mazkur devon  Movarounnahrda  ham  tarqalgan.

Hozirda uning 119 gʻazali, bir masnu sheʼri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qitʼalari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy  ham  oʻrin olgan.

Hindistonga yurishlari davri (1521) da Bobur “Mubayyin” asarini yaratdi. Masnaviy tarzida yozilgan, islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bagʻishlangan bu asarda Movarounnahr va Hindistonga oid oʻsha davr ijtimoiy iqtisodiy hayoti boʻyicha qiziqarli maʼlumotlar ham jamlangan. Valiahd Humoyun va Komron Mirzolarga dasturulamal sifatida moʻljallangan “Mubayyin”da, ayni zamonda, namoz, zakot va haj ziyorati toʻgʻrisida ham sharʼiy mezonlar bayon qilingan. Shu yillarda Bobur Sharq sheʼriyatining asosiy masalalaridan biri aruz vazni, uning nazariyasi va amaliyotiga oid ilmiy risolasini yakunlaydi. Bobur nomini dunyoga mashhur qilgan shoh asari “Boburnoma” ustidagi ijodiy ishini 1518 -1519 yilarda  boshlagan. Boburning yuqorida keltirilgan asarlaridan tashqari, “Xatti Boburiy”, shuningdek musiqa sanʼati va harb ishlariga maxsus bagʻishlangan qator risolalari ham boʻlgan. Ammo keyingi ikki asar matni hanuz topilgan emas. “Xatti Boburiy”da muallif arab alifbosini tahrir etib, yozuvni soddalashtirish va osonlashtirish maqsadida uni turkiy til va  talaffuz mezonlariga moslashtirgan.

1526-yil 21-dekabrda Boburga qarshi suiqasd uyushtiriladi. Mahv etilgan Ibrohim Loʻdiyning onasi oshpazlar bilan til biriktirib, uning ovqatiga zahar qoʻshtiradi. Shuning asoratimi yoki koʻp yillik mashaqqatli va qoʻnimsiz hayot taʼsirimi, har holda keyingi yillarda Bobur tez-tez kasalga chalinib turadi. 1527-yil oktabrida Bobur yana xastalikka uchragach, umrining oxirlab qolganini his etadi. Shunda Bobur oʻzi eʼtiqod qoʻygan Xoja Ahror Valiy ruhidan najot tilab, ixlos bilan uning nasrda bitilgan “Volidiya” asarini sheʼriy tarjima qiladi. Boburning mohir tarjimon sifatidagi qobiliyati namoyon boʻlgan 243 baytli bu asar katta ijodiy ilhom bilan juda qisqa muddatda yakunlangan. Boburning oʻz eʼtiroficha, tarjima tugashi hamonoq batamom sogʻayib ketgan. Bu yillarda u “Boburnoma” fasllari ustida ishlashni davom ettirdi, yangi-yangi gʻazal ruboiylar yaratdi, oʻz iborasi bilan aytganda, “Hindistongʻa kelgali aytqon ashʼorni” tartibga solib, shuningdek, “Volidiya” tarjimasini, “Xatti Boburiy” bilan bitilgan namuna va qitʼalarni Movarounnahr va Afgʻonistonga, Xumoyun, Xoja Kalon, Hindol va boshqalarga yubordi. Humoyun Mirzoga atalgan ijtimoiy-axloqiy masalalarni tahlil etuvchi mashhur maktubi ham Bobur ijodiy faoliyatining yorqin  qirralaridan  biri  boʻldi.

Bir necha muddat oldin podsholikni Humoyunga topshirgan Bobur 47 yoshida oʻzi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etdi va oʻsha yerda dafn etildi, keyinchalik (1539), vasiyatiga muvofiq xoki Qobulga keltirilib, oʻzi bunyod ettirgan “Bogʻi Bobur”ga qoʻyildi. Bobur Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng oʻz yurtida haqiqiy qadr-qimmat topdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga koʻra 1993-yilda Bobur tavalludining 510 yilligi tantanali nishonlandi. Andijon shahrida Bobur nomida universiset, teatr, kutubxona, milliy bogʻ (“Bogʻi Bobur”) bor. Bobur milliy bogʻi majmuasi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi, shoirning ramziy qabr maqbarasi bunyod etilgan. Shahar markazida (muallifi Ravshan Mirtojiyev) va Bobur bogʻidagi yodgorlik majmuida (muallifi Qodirjon Salohiddinov) shoirga haykal oʻrnatildi. Andijondagi markaziy koʻchalardan biriga, shuningdek Toshkentdagi istirohat bogʻi va koʻchaga, Andijon viloyati, Xonobod shahridagi istirohat bogʻiga Bobur nomi berildi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Bobur nomidagi medali taʼsis etildi. Sharqshunos olim Ubaydulla Karimov bu medalning birinchi sovrindori boʻldi.

Andijonlik tabiatshunos olim Zokirjon Mashrabov rahbarlik qiladigan Xalqaro Bobur jamgʻarmasi (1993.23.12) Bobur ijodini oʻrganishda katta ishlarni amalga oshirdi. Jamgʻarmaning ilmiy ekspeditsiyasi 10 dan ortiq Sharq mamlakatlari boʻylab avtomobilda ilmiy safarlar uyushtirib, 200 ming km dan ortiq masofani bosib oʻtdi, Bobur va boburiylar qadamjolari, ularning ilmiy merosiga oid yangi maʼlumotlar toʻplab, ularni ilmiy isteʼmolga kiritdi. Mazkur maʼlumotlar asosida 10 dan ziyod ilmiy, hujjatli, badiiy asarlar (Z. Mashrabov, S. Shokarimov “Asrlarni boʻylagan Bobur”; S. Jalilov “Boburning Fargʻona davlati”, “Bobur va Andijon”; Qamchibek Kenja “Hind sorigʻa”; X. Sultonov “Boburning tushlari”, “Boburiynoma”; R. Shamsuddinov “Boburiylar izidan”, “Boburiylar sulolasi”; T. Nizom “Uch soʻz”), 10 ga yaqin hujjatli, videofilmlar (F. Rasulov: “Bobur izidan”, “Muqaddas qadamjolar”; T. Roʻziyev: “Bobur salomi”, “Bobur nomidagi Xalqaro ilmiy ekspeditsiya”; T. Hamidov: “Iftixor” va h.k.) yaratildi. Jamgʻarmaning Lohur (Pokiston), Haydarobod (Hindiston), Abu Dabi (Birlashgan Arab Amirliklari), Moskva (Rossiya), Oʻsh (Qirgʻiziston), Toshkent, Namangan (Oʻzbekiston) shaharlarida boʻlimlari mavjud. 1998 yil jamgʻarmaning boburshunoslik sohasidagi xalqaro mukofotlari ilk marta Pirimqul Qodirov, Sabohat Azimjonova, Gʻaybulloh as-Salom, Neʼmatilla Otajonov, Xayriddin Sultonov, Eyje Mano (Yaponiya), Muhammadali Abduqunduzov, Maqsud Yunusov, Shafiqa Yorqin (Afgʻoniston), Maʼmurjon Toʻxtasinov, Ravshan Mirtojiyev, Majid Tursunov, Rahmonjon Azimov, Muhammadjon Mirzayevga berildi.

281